Logo

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar onkologlarining II xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi

Aprel 14, 2026. 12:20 • 2 daq

82
Samarqand shahrida Turkiy davlatlar onkologlarining II xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi

SAMARQAND, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida Turkiy davlatlar onkologlarining II xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda boshqa qator davlatlardan ko‘plab yetakchi onkolog olimlar, amaliyotchi shifokorlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Xalqaro kongressda sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari vakillari tomonidan dolzarb mavzularda taqdimotlar namoyish etildi.

Muhokamalar markazida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari, radiologiya va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘ldi. Shu bilan birga, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Kongress doirasida o‘pka va ko‘krak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar bo‘yicha ilmiy sessiyalar, mahorat darslari ham o‘tkazildi. Muhokamalarda neoadyuvant va adyuvant terapiya, PD-L1 ingibitorlari, individual davolash strategiyalari hamda klinik qaror qabul qilish algoritmlari keng muhokama etildi.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida onkologiya sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish