Logo

O‘zbekiston va Pokiston banklari xalqaro moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi

Aprel 14, 2026. 19:55 • 2 daq

169
O‘zbekiston va Pokiston banklari xalqaro moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi

ISLOMOBOD, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va Pokistonning “Sindh Bank” rahbariyati o‘rtasida onlayn-muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekistonda bank tizimini modernizatsiya qilish, xizmatlarni raqamlashtirish va xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun qulay zamin yaratayotgani taʼkidlandi.

Pokiston tomoniga mamlakatning yetakchi banklaridan biri bo‘lgan, jami aktivlar va kredit portfelida qariyb 11 foiz ulushga ega “O‘zsanoatqurilishbank” faoliyati haqida maʼlumot berildi. Bankning xalqaro kapital bozorlaridagi ish tajribasi, uning kredit reytinglari va yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida, “Sindh Bank” vakillari hamkasblarini o‘z tuzilmasi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, savdoni moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va korporativ banking bilan tanishtirib, davlat filiallarining keng tarmog‘i mavjudligini qayd etdi.

Muhokamalarning asosiy mavzusi o‘zaro hisob-kitoblarni soddalashtirishga qaratilgan Pokiston rupiyasida vakillik hisobvaraqlarini ochish masalasi bo‘ldi.

Tomonlar, shuningdek, kelgusida moliyaviy operatsiyalarni O‘zbekiston so‘mi va boshqa xorijiy valyutalarda kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar banklararo aloqalarni yanada rivojlantirish uchun diplomatik kanallar orqali muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish