Logo

Andijon va Irkutsk viloyatlari amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda

Aprel 13, 2026. 17:30 • 2 daq

130
Andijon va Irkutsk viloyatlari amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda

IRKUTSK, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Ilhom Sobirov boshchiligidagi delegatsiya 1013-aprel kunlari Rossiyaning Irkutsk viloyatida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida delegatsiya Irkutsk viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Roman Kolesov bilan kengaytirilgan muzokaralar o‘tkazdi. Unda viloyat hukumati, “Moy biznes” markazi, mintaqaviy rivojlanish korporatsiyasi hamda O‘zbekiston kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirayotgan ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Roman Kolesovning taʼkidlashicha, O‘zbekiston hududlari MDH mamlakatlari orasida Irkutsk viloyatining asosiy tashqi savdo sheriklaridan biri bo‘lib, eksport hajmi bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro saʼy-harakatlar, shuningdek, anʼanaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, Irkutsk viloyati iqtisodiy rivojlanish va sanoat vaziri Viktor Sishkovskiy Andijon viloyati delegatsiyasining tashrifi Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan kelishuvni amalga oshirishda muhim qadam ekanini qayd etdi.

“Biz uchun nafaqat erishilgan hamkorlik darajasini saqlab qolish, balki uni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega. Irkutsk viloyati o‘zbekistonlik hamkorlarga sanoat, innovatsiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda o‘z vakolatlarini taklif qilishga tayyor va biz hamkasblarimizning kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirishga bo‘lgan samimiy qiziqishini ko‘rmoqdamiz”, - dedi Viktor Sishkovskiy.

Qayd etish joizki, 2025-yil 22-oktyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi doirasida Andijon va Irkutsk viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi kelishuv imzolangan.

Muzokara yakunlariga ko‘ra, 2026-yil 20–22-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston va Irkutsk viloyati kompaniyalari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etishga kelishib olindi.

Bundan tashqari delegatsiya Irkutsk viloyatining Svirsk shahrida joylashgan “Akkumulyatorniye texnologii”, “TM Baykal” va “Svirskiy gurman” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, zamonaviy uy-joy qurilishi va yengil sanoat sohasida faoliyat yurituvchi “Gorstroy” va “IP Vlasov” kompaniyalari mehmonlarga o‘z imkoniyatlari va loyihalarini taqdim etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish