O‘zbekiston agrar sohasiga yapon agroinnovatsiyalari joriy etilmoqda

Noyabr 25, 2026. 09:00 • 2 daq

• 171
O‘zbekiston agrar sohasiga yapon agroinnovatsiyalari joriy etilmoqda
O‘zbekiston agrar sohasiga yapon agroinnovatsiyalari joriy etilmoqda

TOKIO, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida “O‘zbekistonda barqaror innovatsiyalar uchun xalqaro hamkorlik” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda JCSRI (Barqaror rivojlanish sohasida tadqiqotlar va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha G‘arbiy Tokio qo‘shma markazi) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning ta’lim, ilm-fan va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Simpoziumda oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning asosiy mavzularidan biri o‘zbek xurmosini yapon texnologiyalari asosida qayta ishlash loyihasi bo‘ldi. Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus mahalliy fermerlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

2023-yildan buyon amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 100 nafardan ortiq fermer jalb etilgan. Yapon texnologiyalari asosida xurmoni qayta ishlash natijasida mahsulot narxi sezilarli oshgan.

Kelgusida loyihani Surxondaryo, Farg‘ona va boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va fermerlarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yapon mutaxassislari bilan hamkorlikda uzumning urug‘siz navlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Simpozium davomida o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yaponiya bozoriga eksport qilish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, ilmiy-akademik almashinuvlarni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Mazkur tashabbuslar Yaponiya tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga tatbiq etish, mahalliy mahsulotlar qiymatini oshirish hamda qishloq aholisi farovonligini yuksaltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish