Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani sport maktabi murabbiysi Yaponiyadagi xalqaro yarim marafonda sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi
Oktabr 16, 2026. 14:00 • 2 daq
• 243
MAYZURU, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Kioto prefekturasida joylashgan Mayzuru shahrida an’anaviy “Maizuru Red Brick Half Marathon 2026” xalqaro yarim marafoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston vakili, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani sport maktabi murabbiysi Arofatxon Imomaliyeva muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sportchimiz Farg‘ona viloyati delegatsiyasi tarkibida joriy yilning 9–13-oktabr kunlari Yaponiyada bo‘lib turibdi.
Mayzuru shahar ma’muriyati hamda Kioto prefekturasi yengil atletika assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Yaponiyaning turli hududlari va o‘nga yaqin xorijiy davlatdan kelgan jami 3 ming 300 nafarga yaqin yugurish ixlosmandlari qatnashdi.
Yarim marafon yo‘nalishi Mayzuru ko‘rfazi, Yaponiya dengiz o‘zini o‘zi mudofaa kuchlarining harbiy-dengiz infrastrukturasi va shaharning tarixiy qizil g‘ishtli binolari hududidan o‘tdi. Bu ishtirokchilarga nafaqat sport mahoratini sinovdan o‘tkazish, balki hududning tarixiy merosi va turistik salohiyati bilan tanishish imkonini ham yaratdi. Havo harorati 26 darajaga yetganiga qaramay, musobaqa qatnashchilari yuqori matonat ko‘rsatib, qariyb 2 ming nafar sportchi masofani muvaffaqiyatli yakunladi.
O‘zbekiston vakilasining mazkur xalqaro musobaqada sovrinli o‘rinni egallashi mamlakatimiz sportchilarining yuqori salohiyatini jahon arenasida yana bir bor namoyon etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi sport sohasidagi hamkorlik va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi