Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston Bishkekda barcha bilan o‘z manfaatlari doirasida muloqot qildi

Sentabr 03, 2026. 19:00 • 2 daq

2
Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston Bishkekda barcha bilan o‘z manfaatlari doirasida muloqot qildi

ANQARA, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi Rossiya va MDH davlatlari tadqiqotlari instituti (RUSEN) direktori, professor Salih Yilmaz “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 31-avgust – 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda samarali taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishni yo‘lga qo‘ydi. Xususan, ShHT sammitlarida nafaqat xavfsizlik, balki mintaqa taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan masalalar – “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li, “Sharq–G‘arb” va “Shimol–Janub” transport yo‘laklari, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasi va logistikani raqamlashtirish haqida so‘z yuritildi.

Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat uchun bularning barchasi amaliy jihatdan juda muhim. Zero, savdo hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari aynan shunday loyihalarga bevosita bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat va mintaqa manfaatlariga bevosita javob beradigan muhim mavzular – yo‘llar, savdo, investitsiyalar, xavfsizlik va texnologiyalar bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surmoqda. Aynan shunday masalalar ko‘pincha har qanday shov-shuvli geosiyosiy iboralarga qaraganda ancha ishonchli va amaliy natija beradi.

Yaqinda nishonlangan mamlakat mustaqilligining 35 yilligi ushbu davrga o‘ziga xos, tarixiy tus bag‘ishladi. Nisbatan qisqa davr mobaynida Toshkent Moskva, Pekin, Dehli, Ankara va boshqa poytaxtlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, o‘zaro manfaatli yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish