Xolid Taymur Akrom: O‘zbekiston 35-yillik mustaqillik davrida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi
Avgust 15, 2026. 15:00 • 3 daq
• 51
ISLOMOBOD, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonlik taniqli ekspert Xolid Taymur Akrom “Dunyo” AAga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda mamlakatning 35-yillik mustaqillik davrida erishilgan ulkan yutuqlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Har yili O‘zbekistonda istiqlol shodiyonasi katta tantanalar bilan qarshi olinadi. Bu yilgi qutlug‘ ayyom alohida ahamiyatga ega. Zero, joriy yil mamlakat o‘z mustaqilligining 35-yillik yubileyini keng nishonlamoqda.
O‘zbekiston xalqi so‘nggi yillarda ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘lmoqda. Mamlakat jahonda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yangi mustaqil davlatdan zamonaviy va dunyo hamjamiyati uchun ochiq diyorga aylandi. Ayniqsa, 2016-yildan keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasiga asoslangan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘zbekistondagi o‘zgarishlar faqat iqtisodiy o‘sish bilan cheklanib qolgani yo‘q. So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirdi, xalqaro hamkorlik va aloqalarini kengaytirdi, tadbirkorlar va investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Infratuzilma yaxshilanib, hukumatning vazifasi faqat davlatni boshqarish emas, balki xalqqa xizmat qilish asosiy tamoyilga aylandi.
Statistik raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, mamlakat iqtisodiyoti 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga o‘sdi. Tovarlar va xizmatlar eksporti qariyb uch barobar oshdi.
2023-yilda O‘zbekistonda umumxalq referendumi o‘tkazilib, Yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deya e’lon qilindi. Bosh qonun inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuvni ustuvor qo‘ydi, ya’ni xalq davlatning muhim bo‘g‘iniga aylandi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan texnologik markazga aylanib bormoqda. 2025-yilga kelib, “IT Park Uzbekistan” rezidentlari soni 2 800 nafardan oshdi. IT xizmatlari eksporti esa besh yil ichida 170 million dollardan qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Internet tezligi yetti barobar oshdi va 30 yoshga to‘lmagan qariyb 40 ming kishi ushbu sohada yuqori daromad ola boshladi.
O‘zbekiston IT xizmatlari va dasturiy ta’minot eksportini 5 milliard dollarga yetkazish hamda ushbu sohada 300 ming nafar yigit-qiz uchun ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan. 2026-yilda mamlakat oliy ta’lim tizimida sun’iy intellekt laboratoriyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, innovatsiyalarning yangi avlodi uchun hisoblash infratuzilmasiga investitsiyalar kiritmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida bandlik, tadbirkorlik, ta’lim, kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganish va yigit-qizlarning jamiyatdagi ishtirokiga yanada keng imkoniyatlar yaratish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Turizm ham O‘zbekiston transformatsiyasining jadal rivojlanayotgan bir qismidir. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar sayyohlar uchun jozibador turistik maskanlarga aylandi. Buni 2025-yilda O‘zbekistonga taxminan 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurganidan ham sezish mumkin.
O‘zbekiston mehmondo‘stligi bilan mashhur. 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston “Numbeo”ning xavfsizlik reytingida dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar orasida 25-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoda eng yuqori natijani qayd etdi.
Tarixiy shaharlar, milliy taomlar, mehmondo‘st xalq, betakror me’morlik va zamonaviy infratuzilma O‘zbekistonni turistlar uchun jozibador manzilga aylantirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi