Gamburgda O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston kechasi” bo‘lib o‘tdi
Sentabr 08, 2026. 11:00 • 3 daq
• 174GAMBURG, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan Gamburg shahrida faoliyat yuritadigan “CVJM” jamiyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston davlat Mustaqilligining 35 yillik yubiley sanasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston kechasi” o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumanda Gamburg shahri parlamenti va meriyasi vakillari, ishbilarmon doiralar, sayyohlik kompaniyalari, OAV xodimlari hamda Germaniyada istiqomat qilayotgan 150 nafardan ortiq vatandoshlarimiz qatnashdi.
Tadbirni elchi Dilshod Ahatov ochib berdi va davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, barqaror iqtisodiy o‘sish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda turizmni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlarni alohida taʼkidladi. Shuningdek, Germaniya bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Gamburg parlamenti Madaniyat va OAV qo‘mitasi raisi Arne Platsbekker va Iqtisodiyot, mehnat va innovatsiya qo‘mitasi raisi David Erkalp xalqimizni Mustaqillik ayyomi bilan qutlab, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini eʼtirof etdi. Yevropaning yirik dengiz porti va iqtisodiy markazi hisoblangan Gamburg shahri bilan iqtisodiy, savdo va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi bildirildi.
Tadbir doirasida diplomatik vakolatxona rahbari germaniyalik hamkorlar va vatandoshlar bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida hamyurtlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Anjumanning madaniy qismida namoyish etilgan milliy sanʼat namunalari, jozibador raqslar hamda tortiq etilgan shohona o‘zbek palovi yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
David Erkalp, Gamburg parlamenti deputati (CDU partiyasi), Iqtisodiyot, mehnat va innovatsiya qo‘mitasi raisi:
- Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tantanali tadbirning aynan Gamburg shahrida o‘tkazilgani ham uni yana-da ahamiyatli qiladi. Gamburg Yevropaning xalqaro savdoga ochilgan muhim darvozasidir. O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida muvaffaqiyatli, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar bor va biz ushbu jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Mirko Novak, “LUNO-Gruppe” kompaniyasi rahbari:
— O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi katta va muhim istiqbolga ega mamlakat. Gamburg bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun esa ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, iqtisodiyot va tibbiyot sohalarida ulkan salohiyat bor, deb hisoblayman. Kelajakda ham Gamburg va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlik yana-da mustahkamlanishini tilayman.
Izabel Xansen, “New Silk Road GmbH” sayyohlik kompaniyasi loyiha rahbari:
— Sizlar bilan birga ushbu qutlug‘ sanani nishonlash men uchun katta faxr. 35 yil - bu juda uzoq davr. Biz 2006-yildan buyon “New Silk Road” avtoralli loyihasi doirasida O‘zbekiston orqali sayohatlarini tashkil etib kelamiz. Shu yillar davomida mamlakatning qanday o‘zgarib, rivojlanib borganiga bevosita guvoh bo‘ldik. Biz nafaqat sayohatlarni tashkil etamiz, balki turli mamlakatlar odamlari o‘rtasida bevosita muloqot va do‘stlik ko‘priklarini ham yaratamiz. Kechagina bu yilgi sayohatimiz ishtirokchilarining bir qismi bilan uchrashdik. Men ulardan: “Safar davomida qaysi mamlakat sizlarda eng katta taassurot qoldirdi?”, - deb so‘raganimda ular bir ovozdan: “O‘zbekiston”,-dedilar. Yurtingizning tarixiy shaharlari va mehmondo‘st xalqi sayyohlarda hamisha eng yorqin taassurot qoldiradi. O‘zbekistonga kelgusida ham tinchlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






