Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

Sentabr 08, 2026. 12:30 • 2 daq

Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

MOGILYOV, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Anatoliy Isachenko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov, diplomatik vakolatxona vakillari hamda ikki tomon biznes doiralari ishtirok etdi. Tadbirda agrosanoat majmuasi, chorvachilik, mebelsozlik, yog‘ochsozlik shuningdek, turizm va ijtimoiy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda Markaziy, Janubiy va G‘arbiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun tranzit yo‘nalishlarining logistika salohiyatidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar import o‘rnini bosish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladilar.

Mogilyov viloyati rahbari Anatoliy Isachenko mintaqada o‘zbek kapitali ishtirokida 14 ta korxona tashkil etilganini taʼkidlab, Belarus tomoni ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va elchi Nuriddin Mamajonov davlatlarimiz rahbarlarining uchrashuvlari hamda Belarus va O‘zbekiston hududlari III forumi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar amaliy natija berayotganini qayd etdilar. Xususan, delegatsiyaning 10 kunlik tayyorgarlik ishlari natijasida chorvachilik va sanoat sohalarida 8 ta yangi loyiha ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.

Muloqot yakunida Anatoliy Isachenko va Ulug‘bek Qosimov Magilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni imzoladilar.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari “Mogilevliftmash” va “Rassvet im. K.P.Orlovskogo” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish