Latviya va Litvada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanmoqda
Sentabr 13, 2026. 11:30 • 2 daq
• 119RIGA, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Latviya Hukumati va davlat organlari vakillari, diplomatik korpus aʼzolari, ishbilarmon va biznes doiralari, jamoat tashkilotlari hamda Latviya jamoatchiligining turli sohalari vakillari ishtirok etdi.
Rasmiy qabul marosimida mehmonlarga O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘li, xususan, so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda tashqi iqtisodiy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roli, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida maʼlumot taqdim etildi.
Shu bilan birga, xorij jamoatchiligiga mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini keng namoyish etish maqsadida Vilnyus shahrida Litvadagi O‘zbek madaniyati markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Madaniy kechada Litvada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy jamoatchilik, madaniyat va sanʼat arboblari hamda Litva Respublikasi Hukumati huzuridagi Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha departament vakillari ishtirok etdi.
Tadbirlarda “Xalqlar do‘stligi” ansambli sanʼatkorlari tomonidan o‘zbek konsert dasturi namoyish etildi. Milliy kuy-qo‘shiqlar va anʼanaviy raqslar ijro etilgan badiiy chiqishlar tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish va samimiyat bilan kutib olindi.
Shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy va betakror tarixiy shaharlari hamda hududlari, xususan, Samarqand, Buxoro va Xivaning boy madaniy merosi, noyob meʼmoriy obidalari, milliy anʼanalari va turistik salohiyatini xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mehmonlarga mamlakatimizning tarixiy-madaniy yodgorliklari, zamonaviy turistik infratuzilmasi hamda xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbirlar yakunida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ezgu tilaklar bildirilib, O‘zbekiston, Latviya va Litva o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini izchil rivojlantirishning muhimligi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



