Trent Kelli: AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yanada rivojlanishini intizorlik bilan kutaman

Sentabr 13, 2026. 12:30 • 2 daq

120
Trent Kelli: AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yanada rivojlanishini intizorlik bilan kutaman

VASHINGTON, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. AQSH Kongressi aʼzosi, O‘zbekiston bo‘yicha Kokus hamraisi Trent Kelli “Dunyo” axborot agentligi orqali mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– Mamlakatingiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi mustahkam va yuksalib borayotgan munosabatlarni alohida taʼkidlamoqchiman.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, AQSH hamda dunyodagi boshqa hamkorlar bilan aloqalar tobora mustahkamlanmoqda.

Prezident Mirziyoyevning O‘zbekiston taraqqiyotini taʼminlash va uning Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatidagi rolini kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak qadrlayman.

1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan so‘ng AQSH va O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish, savdo va barqarorlik sohalaridagi umumiy manfaatlarga asoslangan muhim hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Bugungi kunda AQSH va O‘zbekiston strategik sheriklik doirasida hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, savdo va sarmoya, strategik muhim minerallar kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik joylashuvi va yetakchiligi uni muhim hamkorga aylantirmoqda. AQSH butun mintaqada barqarorlikni taʼminlash va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashishga intilmoqda.

O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy imkoniyatlar va xavfsizlikni ilgari surish maqsadida AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlatini birlashtirgan “C5+1” diplomatik platformasi doirasida ham muhim o‘rin tutadi. Bu saʼy-harakatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam munosabatlarning ahamiyati doimiy ekanini namoyon etadi.

Men O‘zbekistonning do‘sti ekanimdan faxrlanaman va o‘zbek xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan qutlayman.

AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yanada rivojlanishini intizorlik bilan kutaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish