Yaponiyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Sentabr 24, 2026. 21:00 • 3 daq
• 103TOKIO, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Yaponiya parlamenti va hukumati a’zolari, siyosiy va ishbilarmon doiralar, ekspertlar, olimlar, madaniyat va turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus a’zolari, yirik kompaniyalar rahbarlari, vatandoshlar, jami 400 nafardan ziyod mehmon ishtirok etdi.
Uchrashuvda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ayano Kunimitsu, Iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Kendji Yamada, parlament a’zolari, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi”, “Mitsui & Co.”, “Sumitomo Corporation”, “Itochu Corporation”, “Toyota Tsusho Corporation” kabi yirik kompaniyalar hamda JICA, JBIC va JETRO vakillari ham qatnashdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Xususan, 2025 yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ayano Kunimitsu O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etib, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil kengayib borayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida “Sojitz Corporation” korporatsiyasi Boshqaruv raisi va vakillik direktori Masayoshi Fujimotoga O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni topshirildi. Mazkur davlat mukofoti unga O‘zbekiston–Yaponiya do‘stlik munosabatlari va savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
“Sojitz” korporatsiyasi O‘zbekistonda Sirdaryo II issiqlik elektr stansiyasi, Toshkentda yangi aeroport, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi va Samarqandda ko‘p tarmoqli shifoxona kabi yirik loyihalarda ishtirok etmoqda.
Shuningdek, “Toshiba International Foundation” prezidenti Xiroki Yamazaki O‘zbekiston maktablari o‘quvchilari uchun Yaponiya tarixi, iqtisodiyoti, madaniyati va yapon tiliga bag‘ishlangan 160 ga yaqin kitobni beg‘araz taqdim etdi.
O‘zbekistonning milliy madaniyati, tarixi va turizm salohiyatini namoyish etuvchi maxsus ekspozitsiya ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Ko‘rgazmada xalq amaliy san’ati, kulolchilik, milliy liboslar, miniatyuralar, kitoblar va boshqa madaniy meros namunalari namoyish qilindi.
O‘zbekistonlik dizayner Zuhra Xudoyqulova tayyorlagan milliy va zamonaviy uslub uyg‘unlashgan kiyimlar kolleksiyasi ham namoyish etildi. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, me’moriy obidalari, tabiati va kundalik hayoti aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Madaniy dasturda Aziz Rajabiy, Shukrullo Isroilov, Ulug‘bek Qodirov hamda Yaponiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbegim” raqs guruhi o‘z ijod namunalarini taqdim etdi. Tadbir mehmonlariga O‘zbekistondan olib kelingan mevalar, patir-non va milliy mahsulotlar tortiq qilindi.
O‘zbekiston Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning qator shaharlarida Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdi.
Aychi prefekturasiga tashrif doirasida Nagoya iqtisodiyot universiteti rahbariyati va Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Nagoyada vatandoshlar o‘rtasida “Mustaqillik kubogi – 2026” futbol musobaqasining final bosqichi o‘tkazildi. Shu kuni Nagoya shahri Xalqaro markazida bayram konserti tashkil qilindi.
Xirosima prefekturasida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati kechasida o‘zbek va yapon san’atkorlari ishtirok etdi. Tadbirga 500 nafardan ziyod yapon fuqarolari va vatandoshlar tashrif buyurdi.
Yaponiya parlamentida bo‘lib o‘tgan “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi taqdimoti hamda “O‘zbekiston–Yaponiya: do‘stlik, ishonch va kelajak sari hamkorlik” mavzusida davra suhbati ham yuksak saviyada tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolari Yaponiya Parlamenti kutubxonasi, Ochanomizu universiteti boshlang‘ich maktabi hamda Kaetsu Ariake o‘rta maktabida ham bo‘lib, ta’lim va ilmiy muassasalar faoliyati bilan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







