Yaponiya parlamentida “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi
Sentabr 24, 2026. 14:30 • 2 daq
• 216
TOKIO, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiya parlamentida mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi taqdimoti hamda “O‘zbekiston–Yaponiya: do‘stlik, ishonch va kelajak sari hamkorlik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va yurtimizning Yaponiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda ushbu davlat parlamenti deputatlari, O‘zbekiston–Yaponiya do‘stlik ligasi a’zolari, biznes va ekspert doiralari, universitetlar, OAV vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatning 35-yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch, parlamentlararo aloqalarning strategik sheriklikni rivojlantirishdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Yaponiya–O‘zbekiston uyushmasi raisi, mamlakatning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Fumixiko Kato “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va islohotlari haqida keng tasavvur berishini e’tirof etdi.
Shuningdek, Fumixiko Kato energetika, transport, tibbiyot, telekommunikatsiya, IT, kino va animatsiya hamda ta’lim sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat munosabatlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Ishtirokchilar O‘zbekistondagi islohotlar, mamlakat taraqqiyoti va ikki tomonlama strategik sheriklik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir mamlakatimizning mustaqillik yillaridagi taraqqiyotini yapon jamoatchiligiga keng tanitish, parlamentlararo va jamoatchilik diplomatiyasi orqali O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini yana-da rivojlantirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi