Jilber F.Ungbo: Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi
Avgust 14, 2026. 08:10 • 2 daq
• 187
JENEVA, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber F.Ungbo mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekiston xalqini, shu jumladan, janob Prezident Shavkat Mirziyoyevni mamlakat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Ushbu shonli sana o‘zbek xalqining qatʼiyati, matonati va yutuqlarini eʼtirof etish, tinchlik, farovonlik va ijtimoiy adolatga asoslangan kelajakka ishonch bilan nazar tashlash imkonini beradi. Zero, ijtimoiy adolatsiz mustahkam tinchlik bo‘lishi mumkin emas. Bir asrdan ortiq vaqtdan buyon Xalqaro mehnat tashkiloti amal qilib kelayotgan eʼtiqod va asosiy vazifa ham aynan shundan iboratdir.
Joriy yil “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida islohotlar boshlanganiga o‘n yil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakatda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, inson qadr-qimmatini yuksaltirish, fuqarolar farovonligini oshirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Xalq uchun munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi bajarilmoqda.
O‘zbekiston faol diplomatiya, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti Maʼmuriy kengashi aʼzosi sifatidagi ishtiroki orqali xalqaro maydondagi o‘z mavqeini mustahkamladi.
XMT O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi. So‘nggi yillarda munosabatlarimiz izchil mustahkamlanib bormoqda. Xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga jalb etishga qarshi kurashish yo‘lida samarali ishlar qilindi. Bandlikka ko‘maklashish, mehnat huquqlari himoyasini kuchaytirish va ijtimoiy muloqotni rivojlantirishda salmoqli yutuqlarga erishildi.
Har qanday islohotlar ish beruvchilar va xodimlarning mustaqilligini taʼminlash, samarali ijtimoiy muloqotni yanada mustahkamlashni taqozo etadi. Hamkorlik va ishonchli muloqotning davom ettirilishi kelgusida ezgu maqsadlarga erishishga xizmat qilishiga aminman.
O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi yaqin munosabatlar tobora yuksalmoqda. Hamkorligimizning navbatdagi bosqichini rivojlantirishga astoydil harakat qilayapmiz. XMT munosib mehnat sharoitini joriy etish uchun ijtimoiy adolatni mustahkamlashda O‘zbekiston rahbariyati bilan sheriklikni davom ettirishdan manfaatdor.
Yana bir bor ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tinchlik, hamjihatlik va farovonlik tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi