“Vecherniy Bishkek”: O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan

Avgust 14, 2026. 10:32 • 3 daq

37
“Vecherniy Bishkek”: O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan

BISHKEK, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Vecherniy Bishkek” nashrida O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasidagi suv diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlik ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, suvni raqobat manbaidan hamkorlik omiliga aylantirish mintaqaviy barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. O‘zbekistonda suv diplomatiyasiga shunchaki tashqi siyosat vositasi sifatida emas, balki mamlakat ichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qaralmoqda. Shu sababli suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Nashrda 2026-yil 7-avgust kuni Turkiston shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining (Do‘stlik/MKVK) 94-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani, unda Sirdaryo hamda Amudaryo havzalarida suv limiti va omborlar ish rejimini belgilash, Jahon banki ishtirokidagi 20 million dollarlik CAWEC grant loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgani taʼkidlangan.

Bundan tashqari, GIZ ko‘magida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi transchegaraviy suv obyektlarida avtomatik monitoring tizimini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda.

Materialda O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida erishilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, 2025-yilda 258 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish-tiklash ishlari bajarilib, 723 kilometr kanallar betonlashtirildi. Buning evaziga 364 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilandi va 500 million kub metrdan ortiq suv iqtisod qilindi.

2026-yilda esa 308 ta loyiha uchun davlat byudjetidan 2 trillion 199 milliard so‘m ajratilib, 1 avgust holatiga ko‘ra 637 kilometr kanallar betonlashtirildi, 268 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari va yangi nasos stansiyalari barpo etildi.

Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali 2025-yilda 3 milliard kub metr suv tejab qolingan bo‘lsa, 2026-yil yakuniga qadar bunday texnologiyalar maydonini 3,1 million gektarga, tejaladigan suv hajmini esa 5 milliard kub metrga yetkazish maqsad qilingan. Joriy yil boshidan buyon respublika bo‘yicha yana 638 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.

Muallif suv resurslarini aniq hisobga olish va raqamlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tgan. 2025-yilda Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi hamda Vaziyatlar markazi tashkil etilib, 10 ta axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi.

“Davlat suv kadastri” va “Melioratsiya” tizimlarida sunʼiy intellekt yordamida tahlil va prognoz qilish imkoniyati yaratildi. Suv omborlarida 44 ta masofaviy datchik va davlat chegarasidan o‘tayotgan suv sarfini onlayn kuzatuvchi 272 ta qurilma hamda tumanlar chegarasida 1895 ta monitoring uskunalari o‘rnatilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish