O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi vatandoshlar holidan xabar oldi

May 26, 2026. 14:25 • 2 daq

78
O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi vatandoshlar holidan xabar oldi
O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi vatandoshlar holidan xabar oldi
O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi vatandoshlar holidan xabar oldi
O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi vatandoshlar holidan xabar oldi

YUJNO-SAXALINSK, 26-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Saxalin viloyatiga xizmat safari uyushtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Rossiya IIV Yujno-Saxalinsk viloyati bo‘yicha boshqarmasining Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib turgan hamyurtlarimiz bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazildi. Ayni paytda markazda O‘zbekistonning 36 nafar fuqarosi saqlanmoqda, ulardan 4 nafari Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Tashrif chog‘ida saqlash sharoitlari, jumladan, yotoqxonalar, oshxonalar va dam olish hududlari o‘rganildi. Shuningdek, fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilib, ularga mavjud xalqaro mojarolarga aralashmaslik zarurligi eslatildi hamda yollanma harbiy xizmatda ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekani haqida ogohlantirildi.

Tashrif davomida markaz rahbariyati bilan tushuntirish-profilaktika ishlarini davom ettirish hamda O‘zbekiston fuqarolarining o‘z vaqtida vataniga qaytarilishiga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Bosh konsulxona xodimlari Yujno-Saxalinskdagi qurilish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida ishlayotgan 70 dan ortiq vatandoshlar bilan ham uchrashdi.

Muloqotlar davomida mehnat va yashash sharoitlari, ish haqi miqdori hamda mehnat huquqlariga rioya etilishi holati o‘rganildi. Ishchilarga O‘zbekistondagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar hamda mehnat migrantlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, ish beruvchi korxonalar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilib, unda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj hamda bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlikni kengaytirish, Saxalin va Magadan viloyatlarida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish hamda vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish