O‘zbekiston diplomatlari Xorvatiyada ishlayotgan yurtdoshlar bilan konsullik uchrashuvlari o‘tkazildi
Aprel 21, 2026. 12:05 • 2 daq
• 148ZAGREB, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Xorvatiyaning Zagreb, Krijivse shaharlariga konsullik tashrifini amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida ushbu hududlarda vaqtincha yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda fuqarolarga qabul qiluvchi mamlakatda yashash qoidalari, konsullik hisobida turish tartibi va uning ahamiyati, shuningdek konsullik-huquqiy yordam olish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, ularning huquq va majburiyatlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqotlar davomida ushbu hududlarda ishlayotgan vatandoshlar uchun yaratilgan ish sharoitlari va ish haqi haqida fikr almashildi. Ko‘pchilik barqaror ish o‘rni va munosib maosh bilan taʼminlangani taʼkidlandi.
Konsullik tashrifi doirasida mahalliy ish beruvchilar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda kelgusida O‘zbekistondan mehnat migrantlarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi va o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Qayd etilishicha, Xorvatiyada ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori bo‘lib, ko‘plab sohalarda kadrlar yetishmaydi. Shu sababli mahalliy ish beruvchilar O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb etishga katta qiziqish bildirmoqda.
Tadbirlar ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga konsullik hisobida turishning ahamiyati va migratsiya qonunlariga qatʼiy rioya qilish zarurligi yana bir bor tushuntirildi.
Hamyurtlarga davlat va elchixona tomonidan ko‘rsatiladigan yordam turlari – moddiy yordam ajratish, zarurat bo‘lganda vatanga qaytarishni tashkil etish va boshqa konsullik xizmatlari haqida maʼlumot berildi.
Yurtdoshlar turli ekstremistik va radikal g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmaslikka chaqirildi. Bunday holatlarda hushyor bo‘lish va shubhali vaziyatlar yuzaga kelganda darhol elchixonaga murojaat qilish kerakligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga amaldagi qonunlarga qatʼiy rioya qilish va qabul qiluvchi mamlakat qoidalariga amal qilish zarurligi yana bir bor eslatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



