Shvetsiyada ilk o‘zbek futbol jamoasi tashkil etildi
Aprel 22, 2026. 14:30 • 2 daq
• 87
STOKGOLM, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. Shvetsiya poytaxtida istiqomat qilayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan “Nordic Uzbek” (Nordic Uzbek F.C.) futbol jamoasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maʼlum qilinishicha, mazkur jamoa nafaqat Shvetsiya hududida, balki butun Yevropa miqyosida tashkil etilgan ilk o‘zbek futbol klublaridan biri sifatida tarixga kirdi.
Jamoa tashabbuskorlaridan biri, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Umid Tog‘ayevning taʼkidlashicha, bu g‘oya Jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yo‘llanmasi ortidan paydo bo‘lgan.
“O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqqanidan juda faxrlandik. Bu yutuq nafaqat sport, balki milliy g‘urur manbai hamdir. Shu bilan birga, mamlakatimizni xorijda sport orqali targ‘ib qilish qanchalik muhim ekanini yana-da teran angladik. Taklif va tashabbuslarimiz elchixona tomonidan qo‘llab-quvvatlandi”, - deydi u.
2026-yil aprel oyida “Nordic Uzbek” futbol klubi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilib, Shvetsiya milliy futbol tizimining dastlabki bosqichi – sakkizinchi divizionida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu Yevropada faoliyat yurituvchi yangi o‘zbek jamoasi uchun katta sport yo‘lining boshlanishi sifatida baholanmoqda.
Klub yetakchilaridan biri Habibulla Xo‘jayevning taʼkidlashicha, jamoa o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 3 may kuni o‘tkazadi.
“Biz uchun har bir o‘yin – bu katta tajriba va imkoniyat. Asosiy maqsadimiz, bosqichma-bosqich rivojlanib, kelajakda Stokgolmning eng kuchli jamoalari qatoriga kirishdir”, deydi u.
Tashabbuskorlar fikricha, “Nordic Uzbek” nafaqat sport jamoasi, balki xorijdagi o‘zbek diasporasini birlashtiruvchi muhim ijtimoiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Loyiha orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni sportga jalb etish hamda O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirish maqsad qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi