O‘zbekiston elchisi O‘mon Savdo-sanoat palatasi raisi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Aprel 22, 2026. 14:55 • 2 daq
• 55
MASKAT, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov O‘mon Savdo-sanoat palatasi raisi shayx Faysal al-Ravvos bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, xususan, O‘mon bozorida talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar eksportini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida Faysal al-Ravvos so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, barcha sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani hamda bir qator qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, uchrashuv doirasida mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Ummon bozorida keng targ‘ib qilish hamda mahalliy xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish maqsadida biznes-missiyalar va ko‘rgazmalar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida, palata raisiga joriy yilning 16–19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish taklifnomasi berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi