O‘zbekiston diplomatlari Novosibirskdagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji taqsimlash markazida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi

Sentabr 09, 2026. 19:30 • 2 daq

125
O‘zbekiston diplomatlari Novosibirskdagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji taqsimlash markazida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi

NOVOSIBIRSK, 9-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakilligi tomonidan Sibir va Uzoq Sharqdagi eng yirik “Yevraziya-Sibir” ulgurji-taqsimlash markazida (UTM) mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvlar davomida fuqarolarimizga Call-markazlar aloqa raqamlari va diplomatik vakolatxonalar manzillari ko‘rsatilgan axborot eslatmalari tarqatildi hamda konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, shaxsiy xavfsizlik choralari va mezbon mamlakatning migratsiya qonunchiligiga qatʼiy rioya etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hamyurtlarimizning huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda, yuzaga kelgan muammolarni tezkor hal etish uchun Novosibirskdagi Bosh konsulxonaga zudlik bilan murojaat qilishlari lozimligi taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, 2025-yilning fevral oyida foydalanishga topshirilgan “Yevraziya-Sibir” UTM O‘zbekistondan Novosibirsk viloyatiga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Bugungi kunda ushbu hudud bozoridagi o‘zbek mahsulotlari ulushi 80 foizdan oshdi va ko‘plab fuqarolarimiz doimiy ish o‘rinlari bilan taʼminlandi.

O‘z navbatida, markaz rahbariyati eʼtiboriga mahsulot keltirayotgan yuk mashinalari haydovchilari va sotuvchilar xavfsizligini mustahkam taʼminlash muhimligi yana bir bor taʼkidlandi.

Vatandoshlarimiz muntazam ravishda o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar ularning huquqiy savodxonligini oshirish va Sibir federal okrugida huquq hamda erkinliklarini samarali himoya qilishda muhim o‘rin tutishini taʼkidlab, Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirdilar.

Bosh konsulxona tomonidan mahalliy hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik natijasida 2025-yilning oktyabr oyidan buyon ushbu markaz hududida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hech qanday reyd yoki tekshiruvlar o‘tkazilmagan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish