Amerika kompaniyasi vakillari H-2A viza dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Iyul 24, 2026. 16:30 • 2 daq

178
Amerika kompaniyasi vakillari H-2A viza dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga tashrif buyuradi

TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Amerikaning “Head Honchos” kompaniyasi prezidenti Todd Miller joriy yil avgust oyida H-2A mavsumiy qishloq xo‘jaligi vizalari dasturi doirasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrif O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarda qonuniy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va H-2A viza dasturida ishtirok etishni osonlashtirish borasidagi saʼy-harakatlar doirasida tashkil etilmoqda.

Tashrif davomida tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb etish hamda O‘zbekiston va “Head Honchos” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash masalalarini muhokama qilishni rejalashtirgan.

Hujjatda amerikalik ish beruvchilar talablariga muvofiq kadrlar tayyorlash, nomzodlarni kasbga o‘rgatish va H-2A vizasi asosida AQSHda qonuniy ish topish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Amerika delegatsiyasining tashrif dasturidan Toshkent shahri, Buxoro va Farg‘ona viloyatlariga safar qilish o‘rin olgan. U yerda kompaniya vakillari qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklari va soha vakillari faoliyati bilan tanishadi.

Elchixona vakillarining taʼkidlanishicha, H-2A viza dasturi doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston fuqarolarini AQSHda ishga joylashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish hamda xavfsiz va qonuniy mavsumiy mehnat uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi AQSH fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish