Novosibirskda vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi

Sentabr 28, 2026. 12:00 • 1 daq

• 248
Novosibirskda vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi

NOVOSIBIRSK, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ushbu hududdagi yirik qurilish obyektlarida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida hamyurtlarga konsullik-huquqiy yordam masalalari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Mehnat huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ish beruvchi tomonidan ish haqi asossiz kechiktirilgan holatlarda fuqarolarga zudlik bilan Bosh konsulxona va Migratsiya agentligiga murojaat qilish tavsiya etildi.

Ishchilarga balandlikda va payvandlash ishlarini bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi. Shaxsiy xavfsizlik choralariga amal qilish muhimligi qayd etildi.

Diplomatlar Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi vatandoshlarga kelgusida ham har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini aytdi. Bu ko‘mak zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda Novosibirskda vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish