Vladivostokda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
Iyul 25, 2026. 10:30 • 2 daq
• 179
VLADIVOSTOK, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. 23-iyul kuni mamlakatimizning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi rahbari, general-mayor Eduard Trubchik bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Volosastov ishtirok etgan muloqotda tomonlar amaliy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida Rossiya Jinoyat-protsessual kodeksining 96-moddasiga muvofiq, huquqbuzarlik sodir etganlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Bosh konsulxonaga taqdim etish tartibiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Primorsk o‘lkasida vaqtincha va doimiy istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan eng ko‘p sodir etilayotgan qonunbuzarlik turlari tahlil qilindi.
Muzokaralar chog‘ida fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga sifatli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda mehnat migratsiyasi sohasida yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘pchilikni tashkil etadigan korxona va tashkilotlarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan muntazam profilaktik va tushuntirish ishlarini hamkorlikda tashkil etishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi