O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi
Noyabr 19, 2026. 18:00 • 2 daq
• 65
TOKIO, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari va Yaponiyaning Xorijiy fuqarolarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish assotsiatsiyasi hamkorligida ikki mamlakatning mehnat migratsiyasi sohasidagi aloqalarini rivojlantirish doirasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda vatandoshlarimizni Yaponiyada ishga joylashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalari va yapon tilini bilish darajasini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yaponiyalik ish beruvchilar va O‘zbekiston tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish borasida fikr almashildi. Mamlakatimizning mehnat va kadrlar salohiyatini Yaponiyada targ‘ib qilish hamda yapon kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Yapon tomoni hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, mehnat migratsiyasi, kasb-hunar ta’limi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida assotsiatsiya a’zolari bo‘lgan hamda O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor yapon kompaniyalari va tashkilotlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda Yaponiya mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va yapon kompaniyalariga ishga joylashtirish masalalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar O‘zbekistonning mehnat salohiyatini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning Yaponiyada ishlash imkoniyatlarini kengaytirish va manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi