Polshalik sayyoh: O‘zbekiston bo‘ylab qilgan sayohatim hayotimda unutilmas taassurot qoldirdi
Mart 06, 2026. 09:36 • 2 daq
• 138
VARSHAVA, 6-mart. /“Dunyo” AA/. Polshaning Zator shahridagi Karpiya vodiysi madaniyat markazida polshalik sayyoh Magdalena Masyalska O‘zbekistonga qilgan sayohati haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Magdalena Masyalska ishtirokchilarga O‘zbekistonga uyushtirgan sayohati davomida ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qilib berdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirgan sayohatida Toshkent, Xiva va Buxoro shaharlarini aylangan. U yurtimizdagi tarixiy-madaniy meros obyektlari, qadimiy shahar devorlari, madrasayu minorlar, milliy me’morchilik namunalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Polshalik sayohatchining aytishicha, Toshkent-Xiva yo‘nalishidagi 14 soatlik temir yo‘ldagi vaqtining o‘zida bir olam sarguzashtlarni boshdan kechirgan.
Magdalena Masyalska Xivadagi Ichan-qal’a obidasi to‘rt darvozali tarixiy shahar sifatida juda katta taassurot qoldirganini alohida e’tirof etdi. Qadimiy shaharlardagi madrasalarning tarixda ta’lim markazi sifatida hamda bugungi kundagi muzey va madaniy maydon o‘laroq ahamiyati haqida alohida so‘z yuritdi.
Xiva va Buxorodagi me’moriy obidalar, jumladan 175 pog‘onali minora va tarixiy majmualar, mahalliy xalqning turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari, hududlardagi iqlim sharoiti haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, sayyoh Xivada mahalliy telekanalga intervyu bergani, Buxoroda tarixiy qadamjolar va muzey majmualari bilan tanishgani haqida qiziqarli voqealarni bayon qildi.
Uchrashuv interaktiv shaklda o‘tkazilib, ishtirokchilar O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, rang-barang me’morchiligi, madaniy xilma-xilligi va mehmondo‘stligi haqida katta qiziqish bildirdi. Ayniqsa, Xiva va Buxoro shaharlarining tarixiy markazlari, me’moriy yodgorliklar va milliy an’analar auditoriyada ijobiy taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi