Dehlida O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi
May 14, 2026. 09:55 • 2 daq
• 79DEHLI, 14-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimizning Turizm qo‘mitasi, «Uzbekistan Airways» va «Centrum Air» aviakompaniyalari bilan hamkorlikda yurtimizning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan “roadshow” tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Hindistonning sayyohlik guruhlariga xizmat ko‘rsatish, MICE-turizm, oilaviy sayohatlar va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan 70 dan ortiq yetakchi turistik kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari va mamlakatimizning tobora yuksalib borayotgan turistik salohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan jozibador va qulay sharoitlar, zamonaviy mehmonxonalar tarmog‘ining kengaytirilayotgani hamda turistik xizmatlar turfa xilligining oshirilayotganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Hindiston turistik kompaniyalari vakillarida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning jadal kengayishi haqidagi maʼlumot katta qiziqish uyg‘otdi. Muntazam reyslar nafaqat Toshkent–Dehli–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha, balki Mumbay va Goadan ham Toshkentga amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Xususan, «Centrum Air» aviakompaniyasi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida reyslarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, «Uzbekistan Airways» Namangan va Dehlini havo ko‘prigi orqali bog‘ladi. Parvozlar geografiyasi kengayib bormoqda.
Tomonlar so‘nggi yillarda Hindistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni bir necha barobar ortganini qayd etdi. Hind kompaniyalari turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdorlik bildirdi. Mamlakatimizda faol rivojlanayotgan zamonaviy infratuzilma sayyohlar oqimini ko‘paytirishning muhim omili bo‘layotgani taʼkidlandi.
Savol-javob sessiyasi davomida ishtirokchilar Hindiston fuqarolari uchun viza olish tartibi, O‘zbekistonning asosiy turistik markazlari – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va boshqa shaharlarni bog‘lovchi tezyurar poyezdlar va aviareyslar jadvali hamda o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga batafsil javob oldi.
Forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yangi turistik yo‘nalishlar va paketlarni yaratishga bag‘ishlangan B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.
Taqdimot yakunida O‘zbekistonning turistik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish qilindi va o‘zbek milliy taomlari taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







