O‘zbekistonga 2025-yilda qariyb 30 ming Fransiyalik sayyoh tashrif buyurgan
Mart 05, 2026. 09:00 • 2 daq
• 114PARIJ, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimizda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Samarqandda faoliyat yurituvchi “Explorator”, “Voyages Rive Gauche” va “Karavan Travel” sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Fransiya keng jamoatchiligi, OAV vakillari, O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan sayyohlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mamlakatimizning boy madaniy merosi, mehmonxona va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi zamonaviy loyihalar, ekoturizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Sivilizatsiyalar chorrahasi va qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston ko‘p asrlik boy meros va kelajakka intilishni o‘zida mujassam etgani ta’kidlandi. YUNYESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan afsonaviy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva, tarixiy obidalar va noyob muzeylar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Diplomatlarimiz milliy an’analar, mehmondo‘stlik qadriyatlari, hunarmandchilik, tog‘lardan cho‘llargacha bo‘lgan xilma-xil tabiiy landshaftlar, ekoturizm yo‘nalishlarida turli ma’lumotlar berdi.
Qadimiy vinochilik an’analariga ega o‘ziga xos gastronomiya O‘zbekistonni Fransiyadan kelgan sayyohlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantiradi. Buni yurtimizga tashrif buyurgan Fransiyalik turistlar sonining 2025-yilda qariyb 30 ming kishiga yetganidan ham anglash mumkin.
Fransuz yozuvchisi Dide Labushning “O‘zbekiston Ipak yo‘lining yuragida” kitobi haqida ham so‘z yuritildi. Kitob muallifi O‘zbekistonga amalga oshirgan sayohati va qo‘llanmani tayyorlash jarayoni xususida to‘xtalib o‘tdi:
- O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng jamoatchilik va bo‘lajak sayohatchilarga taqdim etishdan mamnunman. Bu diyor haqida yana yangi kitob chiqarish taraddudidaman. Ushbu qo‘llanma yozuvchi Serxio Kotssi hamda fotograf Erve Inisan bilan O‘zbekistonga qilgan sayohatimizga asoslanib tayyorlanadi.
Tadbirda “Explorator” sayyohlik kompaniyasi prezidenti Erve Tribo-Lasper ham so‘z yuritdi:
- 1971-yilda tashkil etilgan kompaniyamiz O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatingizning ajoyib madaniy merosi va buyuk sivilizatsiyasidan doim hayratlanganman. Shu ma’noda, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga faol harakat qilib kelamiz. Umid qilamanki, bunday tashabbuslar kelgusida ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




