O‘zbekiston nufuzli Parijdagi “IFTM Top Resa – 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasining hamkor mamlakati deb eʼlon qilindi
Yanvar 18, 2026. 10:00 • 4 daq
• 117PARIJ, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston 2026-yil 15–17 sentyabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tadigan “IFTM Top Resa” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasining hamkor mamlakati – “Country of Honour” bo‘ladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
“IFTM (International French Tourism Market) Top Resa” Fransiyadagi turizm va sayohatga bag‘ishlangan eng yirik ko‘p maqsadli ko‘rgazma bo‘lib, sayohatning barcha sohalarini qamrab oladi: biznes, dam olish, guruhlar, MICE. Tadbir butun dunyo bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qiladi, bu sohadagi yangi texnologik yutuqlarni namoyish etadi.
Matbuot anjumanida “IFTM Top Resa” tashkilotchi kompaniyasi – “RX France” bosh direktori Filippo Rean “O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining haqiqiy durdonasi bo‘lib, o‘zida tarix, o‘ziga xos madaniyat va yangi ufqlarga ochiqlikni mujassam etganini” taʼkidladi. O‘zbekiston turizm sohasi misli ko‘rilmagan o‘sish surʼatlarini namoyish etib, dunyodagi eng istiqbolli sayyohlik yo‘nalishiga aylanib borayotganini urg‘ulagan. Shu bois, O‘zbekistonga “IFTM Top Resa – 2026” hamkor mamlakati maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini eʼlon qilgan.
“Country of Honor” xalqaro ko‘rgazmalarda alohida faxriy maqom bo‘lib, egasi bo‘lgan mamlakatga keng reklama va imij imkoniyatlarini taqdim etadi. Xususan, milliy stend uchun katta ko‘rgazma maydoni ajratiladi, ko‘rgazmaning asosiy media-resurslarida mamlakat haqidagi maqolalar, intervyu va videomateriallar chop etiladi, rasmiy marosimlarda alohida ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, “Country of Honor” maqomida ishtirok etish madaniy meros va turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan maxsus sessiyalar, seminarlar va B2B uchrashuvlarini tashkil etish uchun sharoit yaratadi.
O‘zbekistonning “IFTM Top Resa – 2026”da hamkor mamlakat sifatida ishtirok etishi xalqaro turizm bozorida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini yana-da kengroq namoyish etish, milliy sayyohlik mahsulotini keng targ‘ib qilish, Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi.
Matbuot anjumani doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ishtirokchilar mamlakatning boy madaniy merosi, mehmonxona va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy loyihalar, ekoturizm va ziyorat turizmi imkoniyatlari bilan tanishdi.
Sivilizatsiyalar chorrahasi va qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston ko‘p asrlik boy meros va kelajakka intilishni o‘zida mujassam etgani taʼkidlandi. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan afsonaviy shaharlar – Samarqand, Buxoro va Xivadagi tarixiy obidalar va noyob muzeylar, Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat sanʼat muzeyi uning noyob madaniy boyligini tashkil etadi.
Jonli anʼanalar, hunarmandchilik va samimiy mehmondo‘stlik, tog‘lardan cho‘llargacha bo‘lgan xilma-xil tabiiy landshaftlar, ekoturizm, qadimiy vinochilik anʼanalariga ega o‘ziga xos gastronomiya O‘zbekistonni Fransiyadan kelgan sayyohlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantiradi. Ularning soni 2025 yilda birinchi marta qariyb 30 ming kishiga yetdi.
“RPTA” kompaniyasi tijorat direktori Samvel Tatoyan o‘z taqdimotida “Uzbekistan airways” AJning O‘zbekiston va Fransiyani bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish, milliy aviakompaniyaning yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyatlari va xizmatlarini taqdim etdi.
Matbuot anjumani fransuz jurnalistlarida katta qiziqish uyg‘otdi va savol-javoblar bilan davom etdi.
Tadbir ishtirokchilari “Dunyo” AA bilan suhbatda quyidagilarni taʼkidladi.
“Intermedes” sayyohlik kompaniyasi gid-konferansyeri Solvey Plasiyer:
- Gid sifatida bir necha yillardan buyon fransiyalik sayyohlarga O‘zbekistonga hamrohlik qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bu nihoyatda boy tarixiy va madaniy merosga ega mamlakat bo‘lib, u yerda ko‘plab davrlarni o‘zingiz uchun kashf etishingiz mumkin. Antik yodgorliklardan tortib, yunon va buddist obyektlarigacha, o‘rta asrlarda hukmdor Amir Temur tomonidan cho‘l o‘rtasida barpo etilgan ajoyib shaharlargacha. Mamlakat poytaxti ko‘plab tarixiy obidalar xazinasi bo‘lgan Toshkent shahri alohida eʼtiborga loyiq.
Parijning “Intermedes” sayyohlik agentligi bilan hamkorlikda va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi bilan yaqin hamkorlikda ushbu ajoyib yo‘nalishga borgan sari ko‘proq sayyohlarga hamrohlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishimga chin dildan umid qilaman.
“IFTM–Top Reza” ko‘rgazmasining mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Gvenayel Mari:
- Bu yil Fransiyaning eng yirik professional sayyohlik saloni bo‘lgan “IFTM Top Reza” ko‘rgazmasida O‘zbekiston alohida eʼtiborga sazovor mamlakatga aylanishini bilish men uchun juda yoqimli. Biz bu mamlakat o‘zining sayyohlik jozibadorligi taqdimotini bizga ishonib topshirganidan faxrlanamiz va xursandmiz. O‘zbekiston ko‘plab afzalliklarga ega: bu yerda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab obyektlar, noyob tabiat va boshqa ko‘plab resurslar mavjud. Biz ularni “Yil mamlakati” maxsus dasturi doirasida namoyish etishni rejalashtirmoqdamiz. Bu haqiqatan ham boy madaniy va tabiiy merosga ega bo‘lgan jozibali va ajoyib mamlakatdir.
O‘zbekiston elchixonasida o‘tkazilgan matbuot anjumani Fransiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Tadbir va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi materiallar ushbu mamlakatning “TourMag”, “L‘Yecho Touristique”, “MisterTravel”, “La Quotidienne” va boshqa yetakchi sayyohlik nashrlarida eʼlon qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi










