Logo

Minskdagi yarmarkada o‘zbek milliy stendiga katta qiziqish bildirildi

Aprel 14, 2026. 15:17 • 2 daq

175
Minskdagi yarmarkada o‘zbek milliy stendiga katta qiziqish bildirildi
Minskdagi yarmarkada o‘zbek milliy stendiga katta qiziqish bildirildi
Minskdagi yarmarkada o‘zbek milliy stendiga katta qiziqish bildirildi

MINSK, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Belarusdagi “BELEKSPO” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan “Dam olish – 2026” xalqaro turizm xizmatlari yarmarkasida O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi, “Okstours” sayyohlik kompaniyasi vakillari hamda soha tadbirkorlari qatnashdi. Elchixona ko‘magida mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan milliy stend tashkil etildi.

Milliy stendda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turizm infratuzilmasi, eko va gastronomik turizm yo‘nalishlari bo‘yicha imkoniyatlar keng yoritildi. Tashrif buyuruvchilarga mamlakatning qadimiy shaharlari, milliy anʼanalari va zamonaviy sayyohlik xizmatlari haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Bu esa xorijiy mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Yarmarka doirasida elchixona tomonidan O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan alohida taqdimot ham tashkil etildi. Unda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro aviaqatnovlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekistonning turizm bo‘yicha elchisi Vasilina Miskevich o‘z chiqishida mamlakatning tabiiy boyliklari, milliy anʼanalari, mehmondo‘stlik anʼanalari hamda asosiy sayyohlik yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” vakili aviakompaniyaning xalqaro reyslari, yangi yo‘nalishlari va yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir doirasida o‘zbek milliy madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida konsert dasturi ham tashkil etildi. Unda milliy musiqalar yangrab, anʼanaviy raqslar ijro etildi. Bu chiqishlar ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish