O‘zbekiston-AQSh o‘rtasida yuridik ta’lim yo‘nalishida hamkorlik rivojlantiriladi
Mart 06, 2026. 13:20 • 3 daq
• 2
VASHINGTON, 6-mart. /“Dunyo” AA/. Vashingtondagi Amerika universiteti yuridik kollejida (American University Washington College of Law”) xalqaro va qiyosiy huquqiy tadqiqotlar dasturi direktori Padideh Alay boshchiligidagi oliy ta’lim muassasasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yuridik ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va kasbiy dasturlarni ishga tushirishni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida Amerika tomoni maktabning yuqori akademik darajasini ta’kidlab, xalqaro tijorat huquqi bo‘yicha AQShning TOP-10 taligiga kirishini va xalqaro savdo, investitsiya huquqi, arbitraj va qiyosiy huquqshunoslik bo‘yicha katta tajribaga ega ekanini ta’kidladi.
Universitet vakillari hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishi - akademik mobillik va magistrlik dasturlari, investitsiyaviy hamkorlikka ko‘maklashish va investorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro huquq sohasida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi tajribalari haqida ma’lumot berdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan sheriklikni kengaytirish, bunda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlariga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi.
Shuningdek, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda qo‘shma magistrlik va qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, xalqaro tijorat va ommaviy huquq yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga kiruvchilar uchun moliyaviy imtiyozlar berish rejalashtirilgan.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda davlat xizmatchilari va amaliyotchi huquqshunoslarning malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlari kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etildi. Universitetning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli kurslar, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan treninglar, stajirovkalar va almashinuv dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Xalqaro savdo huquqi, JST huquqi, investitsiyalarni tartibga solish va xalqaro nizolarni hal etish sohalarida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu dasturlar xalqaro huquqiy muhitda samarali ishlay oladigan va mamlakatning malakali xalqaro yuristlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladigan yuqori malakali mutaxassislarni shakllantirishga qaratilgan.
AQSh tomoni Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi tashkil etilishidan xabardorligi va u bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini ta’kidladi. Amerikaliklar huquqiy maslahatlar berishda yordam berish, loyihalarni kuzatib borish, tahliliy materiallarni tayyorlash, ishlarni muvofiqlashtirish uchun Kengash kotibiyati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga tayyor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, 2026-yil may oyida oliy ta’lim muassasasi rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, akademik aloqalarni mustahkamlash va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beruvchi ta’lim turizmini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi