Serbiyada O‘zbekiston sayyohlik sohasi taqdimotini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Mart 04, 2026. 14:44 • 2 daq
• 170
BUDAPESHT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Serbiya sayyohlik agentliklari milliy assotsiatsiyasi (YUTA) rahbari Aleksandr Senichich bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar turizm sohasidagi O‘zbekiston-Serbiya hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, sheriklik aloqalarini mustahkamlash va o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Suhbat chog‘ida yetakchi serb turoperatorlari, sayyohlik agentliklari va tegishli tuzilmalari vakillari uchun Serbiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimotini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tadbirni turizm bozori ishtirokchilarining keng doirasini jalb etgan holda yuzma-yuz shaklda o‘tkazish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Aleksandr Senichich ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda har tomonlama tashkiliy yordam ko‘rsatishga, jumladan, maydon taqdim etish, bozorning asosiy ishtirokchilarini taklif qilishni muvofiqlashtirish, axborot ko‘magini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi. Hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yetarlicha imkoniyat mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Serbiyada O‘zbekiston turizm sohasi taqdimotini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi