O‘zbekiston delegatsiyasi “ITB China 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etdi

Iyun 03, 2026. 09:55 • 2 daq

159
O‘zbekiston delegatsiyasi “ITB China 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etdi

SHANXAY, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi delegatsiya Shanxay shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida delegatsiya har yili o‘tkaziladigan “ITB China 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etib, mamlakatning sayyohlik va madaniy salohiyatiga bag‘ishlangan milliy stendni taqdim etdi. 

Tadbirda 80 dan ortiq xorijiy davlatdan 600 ga yaqin kompaniya, 1 ming nafardan ziyod xaridor hamda 250 nafar ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada ishtirok etgan O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari va aviatashuvchilari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini milliy stendda namoyish etdi. Ular Xitoy sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Abdulaziz Aqqulov Xitoyning nufuzli aviakompaniyalari, yirik turoperatorlari va mehmonxona tarmoqlari rahbariyati bilan uchrashib, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Xitoydan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Shanxay shahrida yirik xalqaro turoperator kompaniyalari – “Trip.com” hamda “Spring Airlines” aviakompaniyasi rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

“Trip.com” vakillari bilan uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish va O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonning turizm salohiyatini nafaqat Xitoyda, balki Tailand, Malayziya va Indoneziya bozorlarida ham targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, Xitoyning “Jinjiang Hotels” mehmonxonalar tarmog‘i rahbariyati bilan muzokara o‘tkazilib, O‘zbekistonda ushbu brend ostida mehmonxonalar ochish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida mazkur kompaniyalar vakillarining yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish