26-27-mart kunlari Tojikiston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi
Mart 25, 2026. 15:27 • 2 daq
• 240
TOSHKENT, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan O‘zbekiston–Tojikiston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, suv va energetika xavfsizligini ta’minlash hamda keng ko‘lamli madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.
Shuningdek, bir qator yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi