O‘zbekiston Hindiston bilan farmatsevtika sohasidagi sheriklikni mustahkamlamoqda
Mart 25, 2026. 17:32 • 2 daq
• 8
DEHLI, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkentda O‘zbekiston va Hindiston farmatsevtika tarmog‘i vakillarining biznes-muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi, O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Hindiston farmatsevtika mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish kengashi (Pharmaceuticals Export Promotion Council of India - Pharmexcil) ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Hindistonning 50 ga yaqin yetakchi kompaniyasi va ularning o‘zbekistonlik sheriklari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Hindistonning Toshkentdagi elchisi Smita Pant o‘zaro hamkorlikning izchil xususiyatini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, farmatsevtika ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda ayniqsa jadal rivojlanmoqda.
Hindistonlik farmatsevtlarning O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlarning tarkibiy qismi bo‘ldi. Tarmoq vakillari mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi faol ko‘magida muntazam ravishda delegatsiyalar almashmoqda, ixtisoslashtirilgan biznes-forumlar va B2B uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Xususan, Agentlik direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiyaning Hindistonga tashrifi davomida O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay hamda jozibador sharoitlarga bag‘ishlangan samarali uchrashuvlar va taqdimotlar turkumi bo‘lib o‘tgan edi.
Toshkentdagi muzokaralar va “xaridor-sotuvchi” sessiyalari doirasida tomonlar jeneriklar, faol farmatsevtik ingrediyentlar, shuningdek, gerbal mahsulotlar va ayurveda vositalarini ishlab chiqarish segmentlarida hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi. Texnologiyalar transferi va kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Hindiston delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston bozorining salohiyatini yuqori baholab, tegishli idoralar va biznes darajasidagi tizimli muloqot ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash va mamlakatlarning texnologik sherikligini mustahkamlash imkonini berishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi