Moskvadan munosabat: Islom sivilizatsiyasi markazi –madaniyatlararo muloqot va ilm-fan maskaniga aylanmoqda
Mart 25, 2026. 19:53 • 2 daq
• 2
MOSKVA, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar fanlar universiteti professori, tarix fanlari doktori Darya Jigulskaya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Toshkentda yangi ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning qadimiy tarixiy merosi, ilmiy an’analari va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy majmua sifatida baholanmoqda.
Mazkur mega-loyiha mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Markaz hali to‘liq qurib bitkazilmasidan turib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozondi. Ushbu inshoot “Prix Versailles” mukofoti doirasida dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi. YUNYESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bu mukofot zamonaviy innovasion qurilish texnologiyalari hamda tarixiy-me’moriy an’analarning uyg‘unligini e’tirof etadi.
Bugungi murakkab va tahlikali davrda, dunyo yangi tayanch nuqtalarini izlayotgan bir paytda, O‘zbekiston insoniyatga eng to‘g‘ri yo‘l – ma’rifat va muloqot yo‘lini taklif etmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, insonparvarlik va buyuk mutafakkirlar merosini birlashtirish zarurligini yaqqol namoyon etadi.
Markazni mazmunan boyitish alohida ahamiyat kasb etadi. Dunyoning turli muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar hamda artefaktlarni jamlash uni noyob ilmiy-tadqiqot maydoniga aylantiradi. Bu esa markazning Yevroosiyodagi yetakchi ilmiy va madaniy markazlardan biri sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.
Bu yerda turli mamlakatlar olimlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Markaz ilm-fan va madaniyat tarixini birlamchi manbalar asosida o‘rganishga xizmat qiluvchi zamonaviy intellektual xabga aylanishi kutilmoqda.
Markazning professional muhit sifatida e’tirof etilishi qo‘shma fanlararo loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi gumanitar hamkorlik me’morchiligining muhim bo‘g‘ini sifatida shakllanib, butun Yevroosiyo makonida ilmiy izlanishlar va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi