Logo

O‘zbekiston Prezidentiga Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi

Mart 24, 2026. 20:45 • 3 daq

116
O‘zbekiston Prezidentiga Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi

TOSHKENT, 24-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va taʼlim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari quriladi.

Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik taʼlimotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va maʼrifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish