Logo

Kanadaning Alberta provinsiyasida ilk bor vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 19, 2026. 09:30 • 2 daq

99
Kanadaning Alberta provinsiyasida ilk bor vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

KALGARI, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Kanadaning Alberta provinsiyasida “O‘zbek-Kanada assotsiatsiyasi” diaspora tashkiloti bilan hamkorlikda iftorlik tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu xayrli tadbirga 150 nafarga yaqin vatandoshlar jamlandi.

Iftorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat tuzilmalari va diaspora o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Kanadadagi hamyurtlar o‘rtasida hamjihatlik va o‘zaro do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Elchixona diplomatlari yurtdoshlarni muqaddas Ramazon oyi bilan qutlab, xorijdagi fuqarolarning, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda diaspora bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Iftorlikdan avval fuqarolar uchun konsullik xizmatlari tashkil etildi. Hamyurtlar bilan muloqot davomida ularning yashash va ish sharoitlari, moslashuv jarayonlari o‘rganildi.

Elchixona vakillarining Kalgariga tashrifi ilk bor amalga oshirilgani taʼkidlandi. Ishtirokchilar xorijdagi vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Samaya Raximova:

— Alberta provinsiyasida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimiz uchun tashkil etilgan iftorlik yuksak darajada bo‘lib o‘tdi. Ushbu kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va hukumatning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz uchun ayniqsa qadrlidir. Kalgarida bunday tadbir birinchi marta o‘tkazilmoqda va biz bu tashrifdan chin dildan xursandmiz. Xorijda yashashimizga qaramay, biz milliy o‘zligimizni saqlab qolmoqdamiz va Vatanimizni faxr bilan namoyon etyapmiz.

Suhrob Murodov:

— Prezidentimizga, elchixona vakillariga va Kalgaridagi o‘zbek assotsiatsiyasiga bugungi go‘zal tadbirni tashkil etganlari uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Biz birinchi marta o‘tkazilayotgan bunday iftorlikdan juda xursandmiz va u ezgu anʼanaga aylanishiga umid qilamiz.

Shoista Raimova:

— Elchixona vakillari tomonidan tashkil etilgan bugungi iftorlikni chinakam tarixiy voqea, deb hisoblayman. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor va qo‘llab-quvvatlashni his qilayotganimizdan juda mamnunmiz va minnatdormiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga xorijdagi vatandoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi va doimiy eʼtibori uchun, elchixona vakillariga mehnatlari va ko‘magi uchun samimiy tashakkur aytamiz. Shuningdek, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston — Kanada o‘rtoqlik uchrashuvida terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga umid qilamiz va uning Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatiga ishonamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish