“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston Prezidenti "Yashil makon" loyihasini boshlab berdi
Aprel 03, 2026. 21:30 • 3 daq
• 106
MASKAT, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘mon Sultonligida chop etiladigan “Asdaa Oman” gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilgan ko‘chat ekish tadbirida ishtirokiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri..
Maqolada yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi qatnashgan “Yashil makon” tadbirida ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, uchrashuvda qayt etilishicha, 2 ming gektardan ortiq maydonda 942 ta yashil bog‘ va jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi. Shu bilan birga, mamlakatning tog‘, cho‘l va adir hududlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi.
Orol dengizi qurib qolgan hududida 2 million gektar maydonda himoyaviy o‘rmonzorlar yaratilib, shamol va qum-chang bo‘ronlarining oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrlik “yashil belbog‘” barpo etildi.
Qisqa vaqt ichida mamlakatdagi umumiy yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizgacha oshdi. Prezident tomonidan imzolangan yangi farmonga muvofiq, 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrgacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur maqsadlarga erishish uchun hududlarda yangi loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 10 ming gektarlik “yashil makon” barpo etiladi, Sirdaryoda esa 84 kilometrlik “yashil devor” yaratiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoro viloyatlarida 300 ming gektardan, Xorazmda esa 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar tashkil etish maqsad qilingan.
Shuningdek, viloyat hokimlariga kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etish, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalarini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.
Maqolada taʼkidlanishicha, “Mening bog‘im” dasturi doirasida ilgari har bir loyiha uchun byudjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, endilikda bu miqdor 400 million so‘mgacha oshirildi. Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi tomonidan tanlangan, yashash hududiga yaqin va suv taʼminoti mavjud bo‘lgan hududdan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Yangi tartibga muvofiq, joriy yildan boshlab Qonunchilik palatasining har bir deputatiga o‘z saylov okrugida yashil hudud yoki bog‘ yaratish uchun 412 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi