Logo

“Global Korea Post” gazetasi: Amir Temur din va davlat vazifalarini aniq belgilab bergan

Aprel 06, 2026. 08:15 • 2 daq

155
“Global Korea Post” gazetasi: Amir Temur din va davlat vazifalarini aniq belgilab bergan

SEUL, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi nashri – “Global Korea post” gazetasida yozuvchi Hakim Sattoriyning Sohibqiron Amir Temurning G‘arb madaniyatiga qo‘shgan hissasi haqida yozgan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, XV asr boshlari Yevropa va butun dunyo tarixi uchun muhim saboqlar davri bo‘ldi. Bu, avvalo, Sohibqiron Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq edi. U Turon davlatchiligi anʼanalari va islom g‘oyalari asosida jamiyat tafakkurini yangi bosqichga ko‘tardi.

Amir Temurning yorqin shaxsiyati bilan o‘rta asrlar davri yakunlanib, yangi taraqqiyot davriga asos solindi. U davlat rahbari faqat vorisiy hukmdor emas, balki harbiy qo‘mondon, islohotchi va ilm-fan homiysi bo‘lishi mumkinligini amalda ko‘rsatdi. Bu esa Yevropa uchun hukmdor haqidagi tasavvurlarni yangiladi.

“Sohibqiron Yevroosiyo hamkorligini rivojlantirdi. Uning murosaga asoslangan siyosati va bunyodkorlik ishlari Sharq hukmdorlariga nisbatan salbiy qarashlarni o‘zgartirib, Sharq va islomga qiziqishni oshirdi. Yevropada cherkov taʼsiri kuchli bo‘lgan davrda, Amir Temur davlatda din va davlat vazifalarini aniq belgilab berdi. Bu hol keyinchalik Yevropada dunyoviy taʼlim va ilm-fan rivojiga zamin yaratdi”, deya fikr yuritgan muallif.

Materialda taʼkidlanishicha, Amir Temur davlatida dinning davlatdan ajratilgani hamda saltanatda dinning o‘rni va vazifasi aniq belgilab qo‘yilgani progress edi va mazkur holat Yevropa davlatlari boshqaruvida ilg‘or g‘oyaning kirib kelishiga zamin bo‘ldi.

Bu borada aniq mezonlar yaratila boshlandi va u yillar davomida takomillashib bordi. Oldin fan, taʼlim cherkov ixtiyorida bo‘lsa, endi bu sohalar bilan davlat shug‘ullanishga kirishdi. Shunday qilib, o‘quv yurtlarida dunyoviy yo‘nalish kuchaydi, bu esa ilm-fanning rivojlanishiga olib keldi.

Sohibqiron shaxsi va nomi dunyoda mashhur bo‘lib ketdi. “Yevropa xaloskori” sifatida oltindan ishlangan haykali Parijdagi Luvr zallarini bezadi. Ingliz dramaturgi Kristofer Marlo “Buyuk Amir Temur” (1587) tragediyasini yozish bilan jahon adabiyotida Amir Temur siymosini yaratish jarayonini boshlab berdi. 1681-yilda yana bir ingliz adibi Charlz Saundersning “Amir Temur” tragediyasi yozildi va sahnaga qo‘yildi.

Amir Temurga xolisona boqqanlar uni jahon tarixiga Yevropa Renessansiga taʼsir o‘tkazgan Renessansni boshlab bergan, Yevropa hamda Rossiyani xalos etgan davlat arbobi va sarkarda sifatida tan oldi, qadrladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish