“Okaz”: Toshkentda ish boshlagan markaz jahon islom merosini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega
Mart 24, 2026. 10:32 • 2 daq
• 264
AR-RIYOZ, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Okaz” gazetasida Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada aytilishicha, Ramazon oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilgan. Bu voqea O‘zbekistonning islomiy merosni eʼzozlash va xalqaro maydondagi madaniy nufuzini oshirishga qaratilgan harakat sifatida baholanmoqda.
Tadbirda ko‘plab rasmiy, diniy va diplomatik shaxslar ishtirok etdi. Saudiya Qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning Kaʼba qisvasining bir parchasini Toshkentga sovg‘a sifatida taqdim etishi alohida eʼtirof etilgan. Bu ishora ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik va Saudiyaning islomga xizmatdagi yetakchi rolini namoyon qildi.
Markaz jahon islom merosini namoyon qilishda muhim ahamiyatga ega. Unda Usmon Qurʼoni, minglab qo‘lyozmalar va tarixiy ashyolar kabi noyob eksponatlar taqdim etilgan. Qisva parchasi Ar-Riyoz va Toshkent o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni va qirollikning islomiy madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unov “Okaz”ga bergan sharhida taʼkidlaganidek, Kaʼba qisvasining markazga topshirilishi chuqur ramziy maʼnoga ega bo‘lib, ikki davlatning madaniy va diniy aloqalarini mustahkamlaydi.
Maqola so‘ngida elchi podshohlikning O‘zbekistonning madaniy va islomiy hamkorlik sohasidagi asosiy sherigi ekanini, shu qo‘llab-quvvatlash markazning islom olamida ilmiy va maʼnaviy markazga aylanishini rag‘batlantirishini taʼkidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi