Pokiston OAVda yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi keng yoritildi
Aprel 06, 2026. 10:32 • 2 daq
• 6
ISLOMOBOD, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Islamabad Post”, “Daily Independent”, “Pakistan In The World”, “The World News”, “The Diplomatic Insight” kabi yetakchi nashrlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, yangilangan strategiya mamlakat taraqqiyoti va islohotlarida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat hisoblanadi.
Ushbu strategiyaning asosiy jihatlaridan biri – uning aniq mezonlar asosida amalga oshirilishidir. 2030 yilga qadar har yili baholab boriladigan 100 ta maqsad belgilangan bo‘lib, ularning har biri uchun masʼul idoralar, amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgan. Bu boshqaruvda hisobdorlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va hamkorlar ham jarayonda ishtirok etib, kuzatuv va ekspertlik yordamini ko‘rsatishi mumkinligi taʼkidlangan.
Muallifning qayd etishicha, ushbu strategiyaning birinchi ustuvor yo‘nalishi inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, aholi farovonligi bilan bog‘liq 44 ta maqsadni o‘z ichiga oladi. Ular taʼlim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarini qamrab oladi. Shu bilan birga, ilm-fanga ajratiladigan mablag‘larni oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va O‘zbekistonni Global innovatsiyalar indeksida dunyoning yetakchi 60 davlati qatoriga kiritish vazifalari belgilangan.
Ikkinchi muhim yo‘nalish – barqaror iqtisodiy o‘sishdir. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIMni sezilarli darajada ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish maqsad qilingan.
Strategiyada qonun ustuvorligini taʼminlash va samarali davlat boshqaruvini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, mahalliy boshqaruvni takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Yangilangan strategiya xavfsiz va tinchliksevar davlatni shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu tashqi siyosat faolligi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mehnat migratsiyasini tartibga solish orqali amalga oshiriladi.
Maqolada yozilishicha, yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi kelgusi o‘n yillikda mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dastur bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi