O‘zbekiston va Pokiston banklari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadamlar muhokama qilindi
Mart 29, 2026. 11:30 • 3 daq
• 100
ISLOMOBOD, 29-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mamlakatimizdagi yirik moliya muassasalaridan biri — “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati va Pokistonning yetakchi moliyaviy institutlaridan biri bo‘lgan “Sind banki” vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Pokiston banklararo munosabatlarini rivojlantirish, milliy to‘lov tizimlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, moliya muassasalari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Zamonaviy bank xizmatlari, raqamli texnologiyalarni joriy etish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash borasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Pokiston vakillarining aytishicha, “Sind banki” 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Sind viloyati hukumatiga qarashli hududiy bank hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur bank mamlakat bo‘ylab 330 dan ortiq filiallarga ega bo‘lib, aholi va tadbirkorlik subyektlariga keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. Bankning asosiy maqsadi hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Pokiston tomoniga O‘zbekistonda bank tizimini isloh qilish, sohani modernizatsiya qilish va xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil so‘zlab berildi. Xususan, banklar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida urg‘ulandi.
“Asakabank” AJ faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, mazkur bank O‘zbekistondagi eng yirik davlat banklaridan biri bo‘lib, moliyaviy xizmatlarning deyarli barcha turlarini taklif etadi. Bank mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlari – sanoat, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda.
“Asakabank” vakillari xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirishga katta ahamiyat qaratayotganliklarini, jumladan, Pokiston moliya muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralar davomida milliy va xorijiy valyutalarda hisob varaqlar ochish orqali korrespondentlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari uchun bank xizmatlarini kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Bu kabi amaliy mexanizmlar savdo operatsiyalarini soddalashtirish va o‘zaro hisob-kitoblarni samarali tashkil etishga xizmat qilishi qayd etildi.
Umuman olganda, mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, banklar o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari uchun qulay sharoit-sharoitlar yaratishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi