Logo

Britaniyaning plastik idishlarni tabiiy parchalaydigan yechimlar taqdim qiluvchi innovatsion kompaniyasi O'zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi

Avgust 21, 2025. 16:07 • 2 daq

225
Britaniyaning plastik idishlarni tabiiy parchalaydigan yechimlar taqdim qiluvchi innovatsion kompaniyasi O'zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi

LONDON, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Polymateria" kompaniyasining korporativ aloqalar bo'yicha bosh direktori Stiven Altmann-Rixer va biznesni rivojlantirish bo'yicha direktori Gidon Fin bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari, yurtimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.  

Qayd etilishicha, hozirda dunyoda bir yilda 78 million tonna plastik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ulardan 40 foizi yerga ko'milayotgan bo'lsa, 32 foizi chiqindi sifatida tabiatga uloqtirilmoqda.

Buyuk Britaniyada joylashgan "Polymateria" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan "Lyfecycle" texnologiyasi esa plastik moddalarni tabiiy sharoitda to'liq parchalanishiga olib keluvchi ilk innovatsion yechim sifatida e'tirof etilgan. Mazkur texnologiya yordamida maxsus qo'shimchalar (additivlar) orqali turli xil turdagi plastik mahsulotlar, eng ko'pi bilan, 2 yil muddat ichida tabiatda butunlay parchalanib, zararsiz moddalarga aylanadi.

 Bu jarayonda plastik moddalar mikro-plastiklarga aylanmasdan, butunlay yo'qolishi bilan ajralib turadi. "Lyfecycle" texnologiyasi buyurtmachilar ehtiyojlaridan kelib chiqib, plastik mahsulotlarning chirish muddatini individual ravishda moslashtirish imkoniyatini ham taqdim etadi.

"Polymateria" vakillari O'zbekistonda chiqindilar sohasini tartibga solish bo'yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosatini va bu borada milliy strategiyani ishlab chiqish sa'y-harakatlarini yuqori baholadi.

Ular, shuningdek, mazkur jabhada O'zbekiston bilan yaqin hamkorlikka tayyor ekanliklarini ham tasdiqlashdi.

 O'zbekiston tomoni, shuningdek, kompaniyaning London Imperial kolleji kampusida joylashgan laboratoriyasidagi texnologik jarayon bilan tanishdi.

Gidon Fin, "Polymateria" kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo'yicha direktori:

– Bizning maqsadimiz plastikning atrof-muhitda saqlanib qolmasligini va mikroplastik zarrachalar hosil bo'lmaslini ta'minlashdir.

Buning uchun biz plastikni qayta modifikatsiya qilish usulini ishlab chiqdik. Bu plastikni hech qanday zaharli moddalar va mikroplastik zarrachalar qoldirmasdan, qayta ishlanish xususiyatini saqlab qolgan holda, tabiatga xavfsiz qaytarishga imkon beradi.

Biz O'zbekiston hukumati va mamlakatdagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Maqsadimiz iste'molchilarga xavfsiz, ishonchli va tabiatga qayta qo'shila oladigan mahsulotlarni taqdim qilish hamda chiqindilar muammosini butunlay bartaraf etishdan iborat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish