O'zbekiston va Yaponiya "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va "yashil" texnologiyalarni joriy etish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi
Sentabr 11, 2025. 20:02 • 3 daq
• 466
TOSHKENT, 11-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi bilan hamkorlikda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha "O'zbekiston – Yaponiya" onlayn biznes muloqoti tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Yaponiyaning "Sojitz Corporation", "Toyota Susho Corporation", "Nippon Steel Engineering Co., Ltd", "Fuji Electric Co., Ltd", "Mizuho Bank", "Mitsubishi Corporation", "Yokogawa Electric Corporation", "ITOCHU Corporation", "ATAGO Corporation", "Sansei Corporation" kabi 50 dan ortiq yetakchi kompaniyalari va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi ko'plab kompaniyalar ishtirok etdi.
Tadbirni Yaponiyaning MDH mamlakatlari va Rossiya bilan savdoni rivojlantirish uyushmasi ijrochi direktori janob Kioichi Suzuki kirish so'zi bilan ochib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida "yashil" texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishda Yaponiya va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta'kidladi. Shu bilan birga, Yaponiya davlat tashkilotlari, sanoat kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari atrof-muhitni saqlash va atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishni ta'minlaydigan "yashil" texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda O'zbekiston korxonalari va tashkilotlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbariyati biznes-muloqot ishtirokchilariga Yaponiya va O'zbekiston o'rtasida "yashil" taraqqiyot sohasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirishga muhim hissa qo'shadigan va "yashil" iqtisodiyot sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tashkilotlari va mamlakatlarimiz biznes hamjamiyati o'rtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ochadigan ushbu tadbirni tashkil etganligi uchun Yaponiyaning MDH mamlakatlari bilan savdoni rivojlantirish uyushmasiga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda Yaponiyaning uglerod neytralligiga erishish yo'lidagi energetika siyosati, O'zbekiston bilan "yashil" texnologiyalar sohasida istiqbolli hamkorlik, "yashil" iqtisodiyotga o'tish strategiyasini amalga oshirish hamda 2030-yilgacha "yashil" va inklyuziv o'sishni ta'minlash bo'yicha ustuvor vazifalarga oid taqdimotlar o'tkazildi.
Yaponiya vakillariga Samarqand viloyatida zamonaviy shahar muhitini yaratish, shuningdek, Jizzax viloyatida qattiq maishiy chiqindilardan yo'l plitalari va pol qoplamalari, qishloq joylarda organik chiqindilardan biogaz ishlab chiqarish bo'yicha startap loyihalari taqdim etildi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universiteti yosh olimlari sanoat ehtiyojlari uchun elektrotexnika mahsulotlarini qayta ishlash asosida kumush nanozarrachalar olish bo'yicha startap loyihalari va innovatsion ishlanmalarini hamda plastik chiqindilarni qayta ishlash asosida yo'l qoplamalarini olish bo'yicha innovatsion ishlanmalarini taqdim etdilar.
Tadbir davomida o'zaro fikr almashildi va loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar yaqin kelajakda Yaponiyaning manfaatdor biznes kompaniyalari va tashkilotlari investitsiyalari ishtirokida O'zbekistondagi "yashil" loyihalarni yana-da qo'llab-quvvatlash bo'yicha faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi