Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 24, 2026. 14:26 • 3 daq

57
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Rossiyada bolani qutqargan o‘zbekistonlikka 1 mln rubl beriladi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida farrosh bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev 7-qavatdan tushib ketgan bolaning hayotini saqlab qolgani haqida xabar berilgan edi. Unga mazkur qahramonligi uchun to‘rtinchi Tigran Keosayan nomidagi mukofot beriladi. Bu haqda “Russia Today” telekanali hamda “Rossiya Segodnya” axborot agentligi bosh muharriri Margarita Simonyan o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifsida maʼlum qildi. Margarita Simonyan fikriga ko‘ra, mukofot bilan birga Xayrullo Ibodullayevga rag‘batlantirish uchun bir million rubl ham beriladi. 

Manba: Margarita Simonyan

***

AQSh Suriyadan qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi

AQSh Suriyadagi asosiy harbiy bazalaridan biridan qo‘shin va texnikasini olib chiqishni boshladi. Gap Hasaka viloyatidagi Qasrak bazasi haqida ketmoqda. 23-fevral kuni u yerdan og‘ir texnika, harbiy xizmatchilar va zirhli mashinalar ortilgan o‘nlab yuk avtomobillari chiqib ketayotgani kuzatilgan. Ular Iroq chegarasi tomon yo‘l olgan.

Manba: Al Jazeera

***

Ukrainani tiklash uchun 588 mlrd dollar kerak bo‘ladi

Ukrainaga 2022-yil fevralda boshlangan to‘liq ko‘lamli urush oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatni tiklash uchun 10 yil davomida 587,7 mlrd dollar (taxminan 500 mlrd yevro) kerak bo‘ladi. 2025-yil 31-dekabr holatiga dolzarb bo‘lgan ushbu baholashni 23 fevral kuni Ukraina hukumati, Jahon banki JB, Yevrokomissiya va BMT taqdim etdi.

Manba: World Bank

***

Moskvada YPX avtomobili portlashi oqibatida bir xodim halok bo‘ldi, ikki kishi jarohatlandi

Rossiyaning Moskva shahrida 24-fevralga o‘tar kechasi yo‘l-patrul xizmati avtomobili portlatildi. Hodisa oqibatida YPXning bir nafar xodimi halok bo‘lgan, yana ikki nafari jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Voqea joyiga Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev yetib kelgan. Portlash Savyolovskiy vokzali maydonida yuz bergan.

Manba: Gazeta.ru

***

AQSh shimoli-sharqiy sohillariga kuchli qor bo‘roni yopirildi

Milliy meteorologiya xizmati ko‘plab hududlarda qor qalinligi 60 santimetrga yetishi mumkinligidan ogohlantirdi. Sinoptiklar, tezligi soniyasiga 31 metrgacha yetadigan kuchli shamol va Atlantika sohillarida suv toshqinlari bo‘lishini prognoz qilmoqda. Delaver, Massachusets, Nyu-York, Nyu-Jersi, Pensilvaniya va Rod-Aylend shtatlarida favqulodda holat eʼlon qilindi.

Manba: NBC News

***

Rossiyadagi YTHda uch markaziy osiyolik vafot etdi

Rossiyaning Orenburg viloyatida 21-fevral kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida uch nafar Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Fojia soat taxminan 16:00da R-239 “Qozon – Orenburg” avtomagistralining 451-kilometrida, Qozog‘iston chegarasi yaqinida yuz bergan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, Toyota va Mazda rusumli avtomobillar to‘qnashgan. Toyota avtomobilida Tojikistonning besh nafar fuqarosi bo‘lgan, Mazda haydovchisi esa mahalliy aholi vakili bo‘lgan. Mazda haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Toyotadagi uch nafar yo‘lovchi og‘ir jarohatlar tufayli tez yordam yetib kelgunga qadar vafot etgan.

Manba: Asia-Plus

***

Qirg‘izistonda prezidentga bo‘ysunuvchi maxsus Tergov qo‘mitasi tashkil etiladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kuchishlatar tuzilmalarining keng masshtabli islohotini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, bevosita davlat rahbariga bo‘ysunuvchi alohida Tergov qo‘mitasi tuziladi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) esa “sobiq KGB kabi haqiqiy maxsus xizmatga” aylantiriladi.

Manba: Kabar

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish