Logo

Buyuk Britaniyada mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari targ'ibotiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

Oktabr 22, 2023. 09:55 • 2 daq

864
Buyuk Britaniyada mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari targ'ibotiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

LONDON, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sayyohlik brendi elchisi Sofi Ibbotson va "Wild frontiers" turistik kompaniyasi bilan o'zaro hamkorlikda mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasida "O'zbekiston kabi hayratlanarli mamlakatda britaniyalik sayyohlar qani?" deb nomlangan tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan ushbu targ'ibot tadbirida mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, sayohatchilar uchun yaratilgan qulayliklar, yangi sayohat yo'nalishlari, hukumatimiz tomonidan bu sohani rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi batafsil ma'lumotlar ishtirokchilarning e'tiboriga havola qilindi.


Sofi Ibbotson va "Wild frontiers" turistik kompaniyasi vakillari YUNESKOning jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan mamlakatimiz tarixiy obidalari va qadamjolari taqdimotini o'tkazishdi. Ular Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizning sayyohlik salohiyati, britaniyalik sayohatchilar uchun qiziqish uyg'otishi mumkin bo'lgan o'zbekona urf-odatlar, milliy taomlar hamda sayyohlik yo'nalishlariga doir ma'lumotlarga alohida e'tibor qaratishdi.


Shuningdek kecha davomida milliy hunarmandchilik, to'qimachilik, ipakchilik, kulolchilik mahsulotlari namoyish etilgani barobarida o'zbek san'ati ustalari tomonidan o'zbek milliy kuylaridan namunalar yangradi.


Mamlakatimizda bir necha marotaba bo'lgan, birgina 2023-yilning o'zida 600 nafardan ortiq sayyohni O'zbekistonga yo'llagan "Wild frontiers" turkompaniyasi asoschisi Jonni Beylbi so'nggi yillarda O'zbekistoning sayyohlik va iqtisodiy salohiyati tobora rivojlanib borayotganidan hayratini yashirmadi. "Elchixonada bo'lib o'tgan ushbu tadbir britaniyalik sayyohlarning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi diqqatga sazovor shaharlarga bo'lgan qiziqishlarini oshirishga, shuningdek, o'zbek xalqi, uning o'ziga xos an'analari va urf-odatlari bilan tanishishga bo'lgan qiziqishlarini oshirdi", dedi u.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish