Vena shahrida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi XAEA ekspertlari bilan onkologik kasalliklarni davolash bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
Fevral 21, 2026. 11:55 • 49 soniya
• 107
VENA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sog‘liqni saqlash sohasida texnik hamkorlik loyihalarini amalga oshirish maqsadida Vena shahrida tashkil etilgan ushbu tadbirda radiatsiyaviy tibbiyot va yadroviy xavfsizlikni rivojlantirish yo‘nalishida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiya tarkibidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va mamlakatimizning Vena shahridagi xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasi vakillari o‘rin oldi.
Vakillarimiz XAEAning Texnik hamkorlik departamenti vakillari va tegishli texnik ekspertlari bilan uchrashib, onkologik kasalliklarni davolash bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Muloqot chog‘ida onkologik kasalliklarni davolash uchun radiatsiyaviy tibbiyotni rivojlantirish, nur terapiyasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, milliy kadrlarni tayyorlash, tadqiqot reaktorining yadroviy va jismoniy xavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida XAEA bilan ekspert va texnik qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, milliy mutaxassislar uchun o‘quv tadbirlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
