O‘zbekiston Jenevada ko‘chirilgan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqlarini himoya qilish tajribasini taqdim etadi
Dekabr 15, 2025. 17:59 • 2 daq
• 96
JENEVA, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. Shu yil 15–17-dekabr kunlari Jeneva shahrida 2025-yilgi Qochoqlar bo‘yicha global forum taraqqiyoti sharhi – yuqori mansabdor shaxslarning ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Uchrashuv BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi tomonidan Shveysariya konfederatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Tadbir Qochoqlar ishlari bo‘yicha global kelishuv maqsadlarini amalga oshirish natijalarini sarhisob qilish, 2019 -2023-yillardagi Qochoqlar bo‘yicha global forumlarda davlatlar tomonidan olingan majburiyatlarning bajarilishini baholash, xalqaro birdamlik va masʼuliyatni adolatli taqsimlash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi ko‘chirilgan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajriba va yutuqlarni taqdim etadi. O‘zbekiston xalqaro standartlarga muvofiq milliy huquqiy bazani izchil mustahkamlab bormoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlari mustahkamlangan.
#IBelong global kampaniyasi doirasida Yangi O‘zbekiston fuqarosizlik darajasini kamaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi – 85 ming nafardan ortiq kishi fuqarolikka ega bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasida fuqarosizlikning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha eng barqaror natijalardan birini qo‘lga kiritdi.
Qo‘shni Afg‘onistondagi insonparvarlik inqirozi sharoitida O‘zbekiston BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Termiz shahridagi mintaqaviy insonparvarlik logistika markazini ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlab, asosiy yordam vositalarini Afg‘oniston va uning tashqarisiga tezkor yetkazib berishga ko‘maklashdi.
Forum doirasida qochoqlar va ularni qabul qiluvchi davlatlarga ko‘rsatiladigan yordamni kengaytirish masalalarini muhokama qilish, bu boradagi majburiyatlarning bajarilishini tahlil etish, O‘zbekiston va boshqa davlatlar tomonidan aholining zaif qatlamlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot almashish rejalashtirilgan. Xalqaro hamkorlik doirasida sheriklikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalar almashishga alohida eʼtibor qaratiladi.
O‘zbekistonning global forumdagi ishtiroki mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligini va majburiy ko‘chirilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barqaror yechimlar ishlab chiqish uchun hissa qo‘shishga intilishini tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Nukus va Samarqand YUNESKOning Global taʼlim shaharlari tarmog‘iga qo‘shildi