Logo

Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” doirasida vatandoshlar va talabalar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi

Fevral 01, 2026. 16:40 • 2 daq

136

O‘Sh, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Nozima Ruzmetova boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida Jalolobod va O‘sh shaharlaridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda yoshlarga O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasidagi islohotlar, o‘qishni ko‘chirish va diplomlarni nostrifikatsiya qilish tartiblari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari talabalarning huquq va majburiyatlari hamda mahalliy qonunchilik normalari yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Tadbirlarning madaniy qismida taniqli aktyor Ozodbek Qayumov ishtirok etib, talabalar bilan ijodiy muloqot o‘tkazdi. Sanʼatkor so‘nggi yillarda o‘zbek kinematografiyasida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan suratga olingan “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy badiiy filmi haqida so‘zlab berdi. Mazkur filmning O‘sh shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi akademik o‘zbek musiqali drama teatrida o‘tkazilgan namoyishi vatandoshlarda katta taassurot qoldirib, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va O‘sh davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, joriy yil mart oyida Qirg‘iziston tibbiyot oliygohlari talabalari uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan videomuloqot tashkil etish hamda “Navro‘z” bayramini keng nishonlash rejalashtirildi. Bu kabi loyihalar xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kuchaytirish va yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish