O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi
Aprel 03, 2026. 15:03 • 2 daq
• 153
ASHXOBOD, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Ashxobodda Turkmaniston sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vaziri Miratberdi Gayipov bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarda, xususan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida barqaror rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, ikki davlat delegatsiyalari o‘zaro xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etayotgani va muntazam tajriba almashayotgani eʼtirof etildi.
Xususan, shu yil fevral oyida Ashxobodda o‘tgan sog‘liqni saqlash sohasida diplomatiya bo‘yicha yuqori darajali muloqotda O‘zbekiston vakillarining faol ishtirokchi yuqori baholandi.
Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda hamkorlik qilish hamda o‘zaro tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni tizimli davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi